Hans Kristian Andersen
Qor odam
BOTQOQLIK SHOHINING QIZI
Laylaklar o‘z bolalariga botqoqlik va baliqchilar haqida ko‘p ertak aytib berishar ekan. Albatta, bu ertaklar ularning yoshiga, tushunchasiga mos qilib aytilarkan. Bordiyu, eng kichkina laylakchalarga ular yeydigan botqoq jonivorlari nomi zikr etilgan ertaklarni aytsangiz, juda qiziqib tinglasharkan, biroq yoshi kattaroq laylakchalar esa ertaklarda ko‘proq u-bu narsalar bo‘lishini, hech bo‘lmaganda o‘z xususiy oilalari haqida gap borishini talab qilishar ekan. Laylaklar orasida ma’lum va mashhur bo‘lgan eng qadimiy va uzun ertaklardan birini biz ham bilamiz. Unda onasi savatga solib, Nil daryosiga tashlagan Moiseyni fir’avinning qizi topib olib, tarbiyalagani haqida hikoya qilinadi. Keyinchalik u ulug‘ odam bo‘lib yetishgan, biroq qayerga dafn qilingani noma’lum. O‘zi ko‘pincha shunaqa bo‘ladi.
Boshqa bir ertakni bizning yurtimizda to‘qilgani uchun hali hech kim bilmaydi. Mana, ming yillardan beri bu ertak og‘izdan-og‘izga o‘tayapti, ona laylaklar boshqalarga aytib beryapti, har bir ona laylak uni tobora yaxshiroq qilib aytyapti, endi biz ulardan ham durustroq qilib aytamiz.
Mana shu ertakni to‘qigan va ertakdagi voqealarda o‘zlari ham ishtirok etgan dastlabki bir juft laylak yozni Daniyadagi bog‘larda, aniqrog‘i, Yutlandiyaning shimolidagi Iyoring viloyatiga qarashli Venyussel shahrining yovuz botqoqligiga yaqin joylarida o‘tkazishar ekan. Laylakning uyasi viking uyining yog‘och tomida ekan. O‘sha joyda hozir ham juda katta botqoqlik bor, buni muzofot haqidagi ma’lumotlardan ham bilib olish mumkin.
O‘sha ma’lumotda aytilishicha, bu joylar bir vaqtlar dengiz tubi bo‘lgan ekan, keyinchalik ko‘tarilib, endilikda bu yerlarda bir necha kvadrat mil botqoqlik maysazori, balchiqzor, buta va yakkam-dukkam daraxtlar o‘sgan torf botqoqligi paydo bo‘lgan ekan. Ana shu joyni hamisha qalin tuman qoplab turar ekan. Ming yil muqaddam bu yerlar qanday bo‘lganini tasavvur qiling! O‘sha zamonlarda ham ko‘p narsalar hozirgi ko‘rinishga ega bo‘lgan. Masalan, to‘q binafsharang gulli qamishlarning bo‘yi hozirgiday baland, tanasi ko‘m-ko‘k bo‘lgan; oq qayinlarning tanasi ko‘zni qamashtiradigan darajada oqarib turgan, mayda yaproqlari shabadada raqsga tushgan, bu yerda yashaydiganlarga kelsak, pashshalar o‘sha zamonda ham hozirgiday tiniq ko‘ylaklar kiyib yurishgan, laylaklar hozirgiday ola-bula rangni juda yoqtirishgan, qizil paypoqlarni afzal ko‘rishgan, o‘sha zamonda faqat odamlargina boshqacha kiyinishgan. Har qanday odam, kimligidan qat’i nazar, ming yil ilgari ham hozirgiday balchiqqa ag‘anab ketishi mumkin bo‘lgan, axir, omonatroq qadam bosilsa bas, darhol kishi o‘zini botqoqlik saltanatida ko‘radi! Uni balchiq podshosi deb atasa ham bo‘laveradi-yu, lekin botqoqlik shohi deyilgani ma’qul. Buning ustiga laylaklar ham uni ana shunday ulug‘lashadi. Botqoqlik shohining idora qilish usuli ko‘plarga ma’lum emas, ma’lum bo‘lmagani ham yaxshi.Botqoqlikka yaqin joyda, Lim-fiordning naq yuqorisida vikingning uch qavatli, minora va tosh yerto‘lali yog‘och qasri qad ko‘targan ekan. Qasr tomiga laylaklar uya qurishgan ekan. Urg‘ochi laylak katta umidlar bilan tuxum bosib yotar ekan!